Skip to main content

Qanday qilib volontyor bo‘lish mumkin: yo‘riqnoma

 —  Foydali materiallar

Hayvonlar bilan muomala yoqimli va ijobiy tuyg‘ular baxsh etadi, muammolardan qochishga va chalg‘ishga imkon beradi. Agar sizning uyda o‘z hayvoningizni saqlash imkoniyatingiz bo‘lmasa yoki siz faqat uysiz kuchuk va mushuklarga yordam berishni istasangiz, lekin buni qanday qilishni bilmayotgan bo‘lsangiz hayvonlar saqlanadigan markazda volontyor bo‘lishingiz mumkin. Bu maqolada biz volontyorlar kim, ular nima bilan shug‘ullanadilar, qanday qilib volontyor bo‘lish mumkin va buning uchun nima qilish kerakligi haqida gapirib beramiz.

TERRA VITADA QANDAY QILIB VOLONTER BO‘LISH MUMKIN

Volontyorlar — bular markazdagi hayvonlarni saqlash va parvarishlashda ixtiyoriy asosda va hech qanday haq olmasdan yordam beradigan odamlardir. Lekin volontyor bo‘lish — bu faqat qachon bo‘sh vaqti bo‘lganida yoki xohlagan vaqtida markazga kelish va hayvonlarni parvarishlash degani emas. Siz o‘z zimmangizga bir qator majburiyatlarni olishingiz zarur, ular odatda quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • Hayvonlar oldiga muntazam — odatda, haftasiga kamida ikki marta kelib turish;
  • Xo‘jalik ishlarini bajarish— hududni, volerlarni, qafaslarni yig‘ishtirish, zaruriyat bo‘lganida esa – hayvonlarni saqlash uchun yangi joylarni obodonlashtirish;
  • Hayvonlarning ijtimoiy hayotga moslashishida yordam ko‘rsatish, ular bilan muomala qilish, itlarni sayrga olib chiqish;
  • Ovqatlantirish.

VOLONTYORNING MAJBURIYATLARI

Agar siz bir yoki bir nechta hayvonni vasiylikka olishga (boshqacha aytganda – ularning kuratori bo‘lishga) qaror qilgan bo‘lsangiz, sizning ularga nisbatan majburiyatlaringiz doirasi kengayadi:

  • Tashqi holatini parvarishlab borish — junini muntazam taroqlab tozalab turish, kunlar issiq bo‘lgan vaqtlarda  (zaruriyatga ko‘ra) cho‘miltirish, tirnoqlarini olish;
  • Vasiyligiga olgan hayvonning salomatligini — ko‘zlari, quloqlari, og‘iz bo‘shlig‘i, ichi kelishi va hokazolarni  tekshirib turish;
  • Vasiylikka olgan hayvoni kasal bo‘lib qolgan hollarda— mablag‘ to‘plash va veterinariya klinikasida uni davolashni tashkil etish;
  • Har yillik emlash grafigiga rioya qilish va parazitlar (tashqi va ichki) ga qarshi muntazam ishlov berish;
  • Hayvonni ijtimoiy hayotga moslashtirish va uning uchun doimiy egalarni qidirish.

Ko‘rib turganingizdek, volontyor nafaqat imkon qadar shunchaki yordam berishi, balki hayvonlar uchun o‘z zimmasiga majburiyat olishi va yuz berishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklardan cho‘chimasligi zarur.

NIMALARNI QILMASLIK KERAK

Bizning boshqa ko‘ngilli xodimlar va ular vasiylikka olgan hayvonlar bilan o‘zini tutish va o‘zaro aloqa qilish bo‘yicha o‘z axloq-odob qoidalarimiz bor. Odatda volontyorlarga quyidagilarga ruxsat etilmaydi:

  • O‘zini odobsizlarcha tutish  — bahslashish, urishish, boshqa xodimlarning ishiga halaqit berish, o‘z vasiyligidagi hayvonlarning ehtiyojlarini qolgan hayvonlar ehtiyojidan yuqori qo‘yish;
  • Boshqa volontyorlar nazorat qiladigan hayvonlarning volerlariga ularning kuratori ruxsatisiz kirish, hayvonlarni u yerdan chiqarish, shuningdek  ovqatlantirish va sayr qildirish;
  • Juda ko‘p sonli hayvonlarni, shu jumladan kuratorlari bor hayvonlarni vasiyligiga olish.

Qoidalar bilan yaxshiroq tanishish va ularni o‘zlashtirish uchun dastlabki vaqtlarda Terra Vitaga ancha tajribasi bor volontyor rahbarligida tashrif buyurish.

BUYURTMANI TO‘LDIRISH

Siz bizning xodimlarimiz bilan bog‘lanishingiz mumkin, ular Sizlarga birinchi tashrif uchun qaysi vaqtda kelish yaxshiroqligini aytadilar.  Bundan tashqari, volontyor bo‘lish uchun Siz maxsus shaklni to‘ldirishingiz mumkin. Uni to‘ldirish uchun o‘z shaxsiy va aloqa ma’lumotlaringizni, yoshingiz, hayvonlarga ajratishga tayyor bo‘lgan vaqtingiz, shuningdek boshpanaga nima bilan yordam berishni istashingizni ko‘rsatish zarur bo‘ladi.

O‘RGATISH

Dastlabki vaqtda yangilar Terra Vitaga tajribali ustozlar bilan birga keladilar, ular ishni nazorat qilib boradilar. Hatto sizda it va mushuklarni boqishda shaxsiy tajriba bo‘lmasa ham, sizni ularni parvarishlashning barcha qoidalari va ular bilan muomala qilishga o‘rgatishadi.

O‘ZI BILAN NIMA OLISH KERAK

Birinchi, o‘zi bilan olishi zarur bo‘lgan narsa — bu pasport. Hayvonlarni parvarish qilish  — katta mas’uliyat, va boshpana xodimlari hayvonlarni kimga ishonib topshirayotganlarini bilishi shart. Bundan tashqari,  almashtirish uchun iflos qilib qo‘yishdan qo‘rqmaydigan kiyim va poyafzal, shuningdek ish qo‘lqoplari zarur bo‘ladi.  Markazda yashab turgan hayvonlar bilan dastlabki tanishish uchun o‘zingiz bilan ozgina turli shirinliklardan olishingiz mumkin.

BOSHQA USULLAR BILAN YORDAM BERISH

Uysiz va qarovsiz hayvonlarni parvarishlash — nafaqat jismoniy, balki ma’naviy og‘ir mehnat. Agar siz bunga tayyor bo‘lmasangiz, Terra Vitaga har doim boshqa usullar bilan yordam berishingiz mumkin:

  • Hayvonlarni tashish. Agar sizning shaxsiy avtomobilingiz va bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa, siz priyutlarga hayvonlarni veterinariya klinikasiga, ko‘rgazmalarga, yangi egalarining uylariga tashishda va hokazoda yordam berishingiz mumkin. Bunday yordam juda muhim va deyarli har doim talab etiladi;
  • Axborot bilan qo‘llab-quvvatlash. Sizning ijtimoiy tarmoqlardagi postlaringiz, imkon qadar esa – OAV dagi e’lon qilgan ishlaringiz mushuklar va itlarning tezroq o‘z uylari bo‘lishiga yordam beradi, bu esa bizning boshpanasiz hayvonlarni saqlash markazlari  va volontyorlarimiz faoliyatining bosh maqsadi hisoblanadi;
  • Foto suratga olish. Hayvonlarimizning professional fotograflar olgan suratlari OAV va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish uchun ham zarur va hayvonlar uchun egalarni tezroq topish imkonini beradi;
  • Jamoatchilik bilan aloqalar. Agar sizda katta tashkilotchilik qobiliyati bo‘lsa, bu ham markazlarga ko‘rgazmalar o‘tkazish, homiylarni jalb qilish va hayriya mablag‘larini to‘plashda yordam beradi;
  • Boshqa yordam.

Ko‘rib turibsizki, Terra Vitada volontyor bo‘lish uchun hech qanday to‘siqlar yo‘q. Umumiy say’i-harakatlarimiz bilan o‘zining uyini va sevimli egalarini topgan har bir hayvon bilan dunyo yanada ezguliklarga to‘ladi va yaxshiroq bo‘lib boradi.